OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBI

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan.

Davlat gerbimiz gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda chap tomonida bugʻdoy boshoqlari, oʻng tomonida ochilgan paxta chanoqlari surati tushirilgan chambardan iborat.

Gerbning yuqori qismida respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlugʻ ramzidir.

Gerbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli boʻlgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yoʻlidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.

Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar bandiga “Oʻzbekiston” deb yozib qoʻyilgan.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROGʻI

Davlat bayrogʻi – davlat suvereniteti ramzidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan. U yurtimiz sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqlikni anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.

Bayroqdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzi. Timsollar tilida bu yaxshilik, donishmandlik, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Sohibqiron Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy edi.

Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq – poklik, begʻuborlik, soflik, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilish timsoli.

Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.

Qizil chiziqlar – vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.

Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.

Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy tismol sanalgan. Davlat bayrogʻimizdagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʻn ikki yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

Davlat bayrogʻimizdagi 12 yulduz tasvirini oʻzbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, oʻz tuprogʻida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi Oʻzbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi 768-XII-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zoʻr ehtirom bilan qarash Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.

Mutal Burhonov musiqasi 
Abdulla Oripov soʻzi
 

Serquyosh hur oʻlkam, elga baxt, najot, 
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon! 
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod, 
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Naqorat:

Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston, 
Ajdodlar mardona ruhi senga yor! 
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon, 
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bagʻri keng oʻzbekning oʻchmas iymoni, 
Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot! 
Istiqlol mashʼali tinchlik posboni, 
Xaqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!

Naqorat:

Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston, 
Ajdodlar mardona ruhi senga yor! 
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon, 
Olamni mahliyo aylagan diyor!