Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish yakunida tibbiyot xodimlarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabrikladi. Tabrik matni prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi yig‘ilishimizda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha chuqur va atroflicha fikrlashib, oldimizda turgan eng muhim va asosiy vazifalarni sizlar bilan yana bir bor aniq belgilab oldik.

Albatta, sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha islohotlarimiz natijasi, avvalo tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnati, bilim va tajribasiga, ularning insoniy fazilatlari va vatanparvarligiga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. Fursatdan foydalanib, sizlarning barchangizga murojaat qilib aytmoqchiman. Hozirgi shiddatli zamonda barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi oldida ham, g‘oyat murakkab vazifalar paydo bo‘lmoqda Oq libos kiygan, inson salomatligi uchun o‘zini mas’ul va javobgar deb hisoblaydigan har bir tibbiyot xodimi, o‘z bilim va malakasini doimiy oshirib borishi, yangi texnologiyalar va davolash usullarini har tomonlama puxta egallashi eng o‘tkir masalaga, hayotiy zaruratga aylanmoqda.

Aminmanki, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, O‘zbekiston tibbiyot maktabi an’analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar o‘z faoliyatingizni ana shunday yuksak mezonlar asosida tashkil etib, olijanob burchingizni bundan buyon ham sharaf bilan ado etasizlar.

Butun xalqimiz qatori bugungi og‘ir sinovlardan yorug‘ yuz bilan mardona o‘tayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari bo‘lgan siz, tibbiyot xodimlari bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.

Sizlarning mashaqqatli mehnatingizni munosib qadrlash, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasining raqobatdoshligini oshirish, xorijiy tibbiyot markazlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalari — doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Bugungi yig‘ilishimiz, yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlug‘ bayram – Tibbiyot xodimlari kuni arafasida o‘tkazilmoqda.

Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g‘oyat olijanob va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan jonkuyar shifokorlarimizni, barcha soha xodimlarini bayram bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugun boshimizdan o‘tkazayotgan sinovlar, sog‘liqni saqlash sohasi — inson hayotida qanday ulkan ahamiyatga ega ekanini, yana bir bor ko‘rsatib berdi.

El-yurtimiz siz, aziz shifokorlarni ana shunday bebaho boylik va salohiyatni asrab-avaylash uchun butun bilim va mahorati, kuch-g‘ayratini safarbar etib kelayotgan dunyodagi eng ulug‘ kasb egalari, o‘z ishiga fidoyi insonlar deb biladi.

Sizlar muqaddas qasamyodingizga sodiq bo‘lib, buyuk Ibn Sinoga munosib vorislari sifatida maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga loyiqdir.

Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab bu kurashga yurtimiz bo‘yicha 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari safarbar etildi.

Bugun barchamiz bir haqiqatni chuqur minnatdorchilik bilan ta’kidlaymiz: jonkuyar shifokorlarimiz pandemiya vaqtida, avvalo bor bilim va salohiyatini ishga solib, o‘zlarini ayamasdan, aziz jonlarini garovga qo‘yib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdilar.

Buning qanday og‘ir ish ekanini barchamiz albatta yaxshi bilamiz va sizlarning fidokorona mehnatingizni yuksak qadrlaymiz.

Olijanob shifokorlarimiz, ular ko‘rsatayotgan jasorat va matonat haqida hali ko‘plab she’r va dostonlar, kitoblar yoziladi, sahna va kino asarlari yaratiladi.

Biz ishonamiz, bugungi belgilangan vazifalarni ham bizning barcha bo‘g‘inda faoliyat olib borayotgan shifokorlarimiz fidoyilik va matonat bilan, bor bilim va tajribalarini ishga solib, albatta uddalaydilar.

Xalqimiz uchun eng katta boylik bo‘lgan «salomatlik»ni saqlashda, Haqiqatda jonbozlik ko‘rsatadilar.

Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod Etib,barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Sizlarga hamisha omad yor bo‘lsin.

Манба

Sirdaryodagi qator tibbiyot muassasalari «tibbiyot klasteri»ga aylantiriladi

Sirdaryodagi qator tibbiyot muassasalari «tibbiyot klasteri»ga aylantiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Sirdaryo viloyatidagi qator tibbiyot muassasalarini «tibbiyot klasteri»ga birlashtirish haqida gapirdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari bu borada Guliston shahridagi Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi filiali va viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasi bir hududda bo‘lib, unga tutash yoki atrofida 10ga yaqin tibbiyot muassasalari joylashganiga alohida e’tibor qaratgan.

«Ushbu tibbiyot muassasalarini viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasiga yagona boshqaruv asosida birlashtirib, «tibbiyot klasteri»ga aylantirish, tibbiyot kolleji negizida tibbiyot oliygohini tashkil etish uchun barcha zaruriy infratuzilma mavjud.

Shu orqali yiliga qariyb 2,5 mlrd so‘mni iqtisod qilib, shifoxonaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va tibbiyot xodimlari sonini oshirish mumkin», degan prezident.

Shavkat Mirziyoyev bu borada mutasaddilarga shu yil yakuniga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda «Guliston tibbiyot klasteri»ning loyihasini ishlab chiqib, ishni boshlash topshirig‘ini bergan.

Unga ko‘ra, bu masalada hozirda Turkiyaning «Sog‘liq bilimdoni» universiteti bilan muzokara o‘tkazilmoqda. 

Манба

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini «butunlay qayta ko‘rib chiqish» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini «butunlay qayta ko‘rib chiqish» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi

Bugun, 6 noyabr kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liq saqlash masalalariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning xabar berishicha, yig‘ilishda asosiy urg‘u koronavirus bilan qarshi kurash tadbirlariga emas, balki sohani to‘liq qayta isloh qilishga qaratiladi.

Yig‘ilish davomida oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tizimini qayta ko‘rib chiqish, kadrlarni moliyalashtirish va tayyorlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 3 noyabr kuni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov lavozimini tark etdi va uning o‘rnini vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Abduhakim Hojiboyev egalladi.

O‘z navbatida, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Abduhakim Hojiboyevning o‘rniga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

2016 yildan buyon Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori vazifasida ishlab kelgan Laziz To‘ychiyev prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari vazifasida ish boshladi. Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tayinlandi.

Akademik Yo.X.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasida ishlab kelgan Anvar Alimov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi.

Абдуҳаким Хаджибаев Соғлиқни сақлаш вазири этиб тайинланди

Абдуҳаким Хаджибаев Соғлиқни сақлаш вазири этиб тайинланди

Президентимизнинг тегишли фармони билан Соғлиқни сақлаш вазирининг биринчи ўринбосари лавозимида ишлаб келган Хаджибаев Абдуҳаким Мўминович Соғлиқни сақлаш вазири этиб тайинланди.

Тиббиёт фанлари доктори, профессор Абдуҳаким Хаджибаев ўз фаолиятини оддий хирургликдан бошлаб, сўнгги йигирма йил давомида Республика шошилинч тиббий ёрдам илмий маркази бош директори, Шошилинч тиббий ёрдам врачлар ассоциацияси раиси, Соғлиқни сақлаш вазири ўринбосари ва уч бор Соғлиқни сақлаш вазирининг биринчи ўринбосари лавозимида ишлаган.

2003 йил “Ўзбекистон Республикасида хизмат кўрсатган соғлиқни сақлаш ходими” унвони ҳамда 2020 йил «Эл-юрт ҳурмати» ордени билан мукофотланган.

Манба: ССВ расмий сайти

Таълим-тарбия тизими: тараққиётнинг янги босқичи муҳокама қилинди

Таълим-тарбия тизими: тараққиётнинг янги босқичи муҳокама қилинди

30-октябрь куни Президент Шавкат Мирзиёев раислигида мамлакатимизда таълим-тарбия тизимини такомиллаштириш, илм-фан соҳаси ривожини жадаллаштириш масалалари муҳокамаси бўйича видеоселектор йиғилиши бўлиб ўтди.

Давлатимиз раҳбари Ўқитувчи ва мураббийлар куни муносабати билан соҳа вакилларига йўллаган табрик нутқида таъкидлаганидек, тараққиётнинг тамал тоши ҳам, мамлакатни қудратли, миллатни буюк қиладиган куч ҳам илм-фан, таълим ва тарбиядир.

Шунинг учун ҳам, Ўзбекистонда таълим тизимини комплекс ривожлантириш, малакали кадрлар тайёрлаш мақсадларига катта куч ва маблағлар йўналтирилмоқда. Мактабгача таълим, мактаб ва олий таълим тизимлари, илмий-тадқиқот муассасалари фаолиятида сифат ўзгаришлари рўй бермоқда.

– Биз устозни отадай улуғ деб билган, доимо ардоқлаган маърифатпарвар халқнинг вакилларимиз. Мен ҳам ўқитувчи, муаллим деганда ўзим учун энг азиз ва ҳурматли бўлган, зиёли ва замонавий, самимий ва меҳрибон инсонларни тасаввур қиламан. Чунки ҳаммамизга ҳам шу муаллим сабоқ ва таълим бериб, меҳрибон ота-оналаримиз қаторида тарбиялаган, – деди давлат раҳбари йиғилиш аввалида. – Бугунги кунда Ўзбекистоннинг янги тараққиёт даври пойдеворини яратяпмиз. Бунда бизнинг энг яқин кўмакчиларимиз устоз ва мураббийлар, илмий ва ижодкор зиёлилардир.

Ҳар бир оила, ҳар бир бола ҳаёти мактаб билан боғлангани, бу масала давлатнинг, жамиятнинг энг муҳим иши экани таъкидланди.

– Ҳаммамиз азиз фарзандларимиз ҳаёти ва тақдирини ўқитувчи ва мураббийларга ишониб топширамиз. Мана шундай беқиёс бойлик посбонлари, келажак бунёдкорлари бўлган бу мўътабар зотларга муносиб ҳурмат-эҳтиром кўрсатишимиз керак, – деди Президент.

Йиғилишда бугунги модернизация жараёнлари, ислоҳот ва ўзгаришлар натижадорлиги мактаб таълимига, янги авлод кадрларини етиштириш масаласига бориб тақалаётгани қайд этилди. Шу боис мактаб директорлари ва муаллимларга кўп нарса боғлиқ. Улар қишлоқ ва шаҳарларда таълим-тарбия, маданият ва маънавият тарқатадиган фидойи кишилардир. Мактаблар нафақат таълим маскани, балки маҳалланинг маданий, интеллектуал маркази бўлиши зарур.

Маълумки, мамлакатимиз таълим-тарбия тизимини янада такомиллаштириш, илм-фан соҳаси ривожини жадаллаштириш мақсадида Президент фармони лойиҳаси ишлаб чиқилди. Мазкур ҳужжат regulation.gov.uz порталига қўйилиб, барча ҳудудларда, маҳаллий кенгашларда ва мактаб жамоаларида ота-оналар иштирокида кенг муҳокама қилинди.

Фармон лойиҳасида таълимдаги ҳозирги муаммоларни ҳал қиладиган, яқин беш йилда натижасини кўрсатадиган ва кейинги тараққиёт даражасини белгилаб берадиган мақсадлар қамраб олинган.

Жумладан, жамиятда муаллимнинг обрў-эътибори ва мақомини кўтариш, ўқув дастурлари ва методикасини тўлиқ қайта кўриб чиқиш, мактабни таълимнинг кейинги босқичлари билан узвий боғлаш, ўқитувчиларни ортиқча қоғозбозликдан халос этиб, ўз устида кўпроқ ишлаши учун шароит яратиш ва шуни рағбатлантириш, мактаб инфратузилмаси ва ундаги маънавий муҳитни яхшилаш каби масалаларнинг ечимлари аниқ белгилаб берилмоқда.

Энг асосийси, жойлардаги раҳбарларнинг, шунингдек, маҳаллий кенгашларнинг ушбу муҳим масалага ёндашуви ва эътиборини тубдан ўзгартириш, уларнинг масъулияти, жавобгарлиги ва ҳисобдорлиги механизмлари киритилмоқда.

Видеоселектор йиғилишида таълим соҳасидаги муаммолар, уларни ҳал этиб, таълим сифатини оширишга оид вазифалар муҳокама қилинди.

Давлатимиз раҳбари аввало мактабларда ўқув юкламаси ва дарслар сонини қайта кўриб чиқиш, ўқувчиларни фақат ёдлашга эмас, балки фикрлашга чорлайдиган методика яратиш зарурлигини таъкидлади.

Бу борада Финляндия тажрибаси мисол қилиб келтирилди. Ушбу мамлакат умумий саводхонлик, табиий фанлар ва математика бўйича дунёда энг илғорлардан бири.

– Мактабда ўқитиш методикаси ўзгармаса, таълим сифати ҳам, мазмуни ҳам, муҳит ҳам ўзгармайди, – деди Шавкат Мирзиёев.  

Дунёдаги замонавий ўқув дастурлари, ўқитиш методикаларини ўрганиб, юртимиз умумтаълим мактабларида жорий қилиш муҳимлиги таъкидланди. Халқ таълими вазирлигига ушбу тажриба асосида Миллий ўқув дастурини ишлаб чиқиб, 2021/2022 ўқув йилидан бошлаб таълим жараёнига синов тариқасида татбиқ этиш вазифаси қўйилди.

Янги методикани самарали йўлга қўйиш учун барча мактаб ўқитувчилари видеоалоқа орқали хорижий мутахассислар иштирокида ўқитилади. Энг муҳими, бу жараёнларга педагогика йўналишидаги университет ва институтлар ҳам жалб қилиниб, педагог кадрлар тайёрлаш методикаси ҳам янгиланади. Шунингдек, математика, физика, кимё, биология ва информатика фанлари бўйича чет эллардаги илғор дарсликлар чуқур ўрганиб чиқилади.

Мактабларни таъмирлаш, ободонлаштириш, иситиш каби хўжалик масалаларига ҳокимлар шахсан масъул экани эслатиб ўтилди. Шунингдек, олий ўқув юртига кира олмаган битирувчиларни муайян касб-ҳунар ёки тадбиркорликка жалб этиш муҳим.

Шу боис келгуси йилдан бошлаб 7-синфдан ўғил-қизларнинг касбга қизиқишларини аниқлаш ва босқичма-босқич касбга йўналтириш амалиёти жорий қилиниши белгиланди. Ҳудуддаги саноат, қишлоқ хўжалиги ва хизмат кўрсатиш корхоналари мактабларга бириктирилади.

Ҳар бир мактаб рейтингини ҳамда шу асосда таълим сифати бўйича туман, шаҳар ва вилоятлар рейтингини ишлаб чиқиш зарурлиги айтилди. Рейтинг натижаларига қараб, мактаб директорлари ва ўринбосарлари, ўқитувчилар, ҳокимлар ва уларнинг таълим бўйича маслаҳатчилари фаолиятига баҳо берилади.

Рейтингда биринчи бешликка кирган мактаб директорларига маҳаллий бюджетдан устама тўланади. Хусусан, мактаб директорлари ва уларнинг ўринбосарларига меҳнатга ҳақ тўлаш энг кам миқдорининг 3 бараваридан 12 бараваригача рағбатлантирувчи тўловлар берилади. Шу билан бирга, халқ таълими бўлими раҳбари ва методисти, мактаб директорлари, туман рейтингида биринчи ва иккинчи ўринни эгаллаган мактабларнинг 2 нафар илғор ўқитувчисига касаба уюшмалари ҳисобидан ҳар йили сиҳатгоҳларга икки ҳафталик бепул йўлланма берилади. Шунингдек, фидойи педагоглар бошқа йўллар билан ҳам рағбатлантирилади.

Йиғилишда педагог кадрлар малакасини ошириш масалаларига алоҳида эътибор қаратилди.

Бугунги кунда педагоглар ҳар 5 йилда, раҳбар кадрлар эса ҳар 3 йилда малака оширмоқда. Лекин бу тўла қамров учун етарли эмас. Жорий йилда Сирдарё вилоятида 11 минг нафар мактаб ўқитувчиларининг барчаси синов тариқасида масофавий малака ошириш курслари билан қамраб олинмоқда.

Келгуси йили Бухоро, Самарқанд, Фарғона вилоятлари ва Тошкент шаҳрида малака ошириш бўйича масофадан ўқитиш ташкил этилади. Тошкент давлат педагогика университети педагог кадрлар малакасини оширишда республикада етакчи олийгоҳ этиб белгиланади. Авлоний номидаги малака ошириш институти эса таълим муаммоларини чуқур ўрганадиган илмий-тадқиқот даргоҳи бўлади.

Ўқитувчилар тоифасини белгилаш тартибини ҳам тубдан қайта кўриб чиқиш лозимлиги таъкидланди.

Бугунги кунда халқ таълими тизимида меҳнат қилаётган 490 мингдан зиёд педагогларнинг 4 фоизи олий, 15 фоизи биринчи тоифага эга. 4 босқичдан иборат амалдаги аттестация тизимида қоғозбозлик ҳанузгача сақланиб қолган.

Шу боис мутасаддиларга тоифа бериш тартибини соддалаштириш, педагоглар билимини йил давомида баҳолаш имконини берувчи 2 босқичли тизимга ўтиш бўйича кўрсатма берилди.

Яна бир муаммо – таълим сифати пастлиги, моддий-техника базаси етарли бўлмагани сабабли айрим мактаблар тўлиқ қувватда ишламаяпти. Масалан, Тошкент шаҳридаги 32 та мактабда ўқувчиларни қамраб олиш даражаси паст.

Мамлакатимизда хусусий таълим муассасаларига кенг шароит яратилаётгани боис келгуси йилдан эксперимент тариқасида кам қувватда ишлаётган мактабларни танлов асосида салоҳиятли талабгорларга ишончли бошқарувга бериш таклифи билдирилди.

Мактабларда замонавий бошқарувни жорий қилиш масалаларига ҳам тўхталиб ўтилди. Энди мактаб директорларини лавозимга тайинлаш бевосита маҳаллий кенгашлар билан келишилган ҳолда, танлов асосида амалга оширилади. Ҳар бир номзод мактабнинг кўрсаткичларини келгуси 3 йилда юқори даражага олиб чиқиш бўйича ўз дастури билан танловда иштирок этади ва ҳар йили кенгашлар олдида ҳисобот беради.

Бундан асосий мақсад – мактабларнинг самарали фаолиятини ташкил этиш, директорлар ишига ноқонуний аралашувлар ва кадрлар қўнимсизлигига барҳам бериш.

Мактаблар билим билан бирга тарбия, маънавият маскани ҳамдир. Давлатимиз раҳбари бу ишларга ҳудудларда яшаб, ижод қилаётган шоир ва ёзувчиларни кенг жалб қилиш, мактабларнинг директор жамғармасидан ва маҳаллий бюджет маблағларидан  уларга ойлик маош тўлаш лозимлигини таъкидлади.

Олий таълим соҳасида соғлом рақобат муҳитини шакллантириш ва қамровни ошириш, ҳар бир ҳудудда камида биттадан нодавлат олий билим юрти ташкил қилиш муҳимлиги қайд этилди.

– Бугун кўриб чиқилган масалалар ҳаммадан, мактаб директоридан бошлаб Бош вазиргача бўлган барча бўғиндаги раҳбарлардан юксак масъулият ва юқори даражадаги жавобгарликни талаб қилади. Бу – йиллар давомида кўринмайдиган, аммо натижаси яқин 10-15 йилда бутун мамлакат қиёфасини тубдан ўзгартиришга асос бўладиган қудратли манба, – деди Президент.

Парламент вакиллари, шунингдек, жойлардаги маҳаллий кенгаш депутатларидан таълим тизимидаги ўзгаришларни халқимизга етказиб, дахлдорлик ҳиссини ошириш, фармон қабул қилингач, ижросини назоратга олиш, ўз тажрибалари билан амалий ёрдам бериш сўралди.

Йиғилишида ҳокимлар, олий таълим муассасалари ректорлари, мактаб директорлари, педагоглар таълим-тарбия сифатини оширишга оид фикр-мулоҳазаларини билдирди.

Manba: President.uz

Янги профессионал таълим — янги миссия

Янги профессионал таълим — янги миссия

Президентимизнинг “2019-2021 йилларда Ўзбекистон Республикасини инновацион ривожлантириш стратегиясини тасдиқлаш тўғрисида”ги Фармонида “Жамият ва давлат ҳаётининг барча соҳалари шиддат билан ривожланаётгани ислоҳотларни мамлакатимизнинг жаҳон цивилизацияси етакчилари қаторига кириш йўлида тез ва сифатли илгарилашини таъминлайдиган замонавий инновацион ғоялар, ишланмалар ва технологияларга асосланган ҳолда амалга оширишни тақозо этади” деб алоҳида таъкидланган.

Ҳаракатлар стратегиясида меҳнат бозори мутаносиблигини ва инфратузилмаси ривожланишини таъминлаш, меҳнатга лаёқатли аҳолининг меҳнат ва тадбиркорлик фаоллигини тўлиқ амалга ошириш учун шароитлар яратиш, ишчи кучи сифатини яхшилаш, ишга муҳтож шахсларни касбга тайёрлаш тизимини кенгайтириш вазифалари белгиланган.

Шу асосда республикамизда амалга оширилаётган кенг кўламли ислоҳотлар фонида Ўзбекистон иқтисодиётида сезиларли юксалиш кузатилди, кўлам ва сифат жиҳатдан жиддий таркибий ўзгаришлар юз берди.

Иқтисодиётнинг барча тармоқларига замонавий инновацион технологиялар жадаллик билан кириб келмоқда. Саноатда, қишлоқ хўжалигида, транспорт ва хизмат кўрсатиш соҳаларида юқори қиймат, юқори ҳосилдорлик, унумдорлик ва тежамкорликни таъминловчи интенсив технологиялар, ишлаб чиқариш соҳасида жуда кенг кўламдаги замонавий инновациялар жорий этилмоқда. Мазкур жараёнларга миллиардлаб АҚШ доллари миқдорида хорижий инвестициялар жалб қилинмоқда ва минглаб янги технологик иш ўринлари яратилмоқда.

Биргина 2019 йилнинг ўзида барча молиялаштириш манбалари ҳисобидан жами 220,7 триллион сўмлик инвестициялар ўзлаштирилди, шундан асосий капиталга инвестициялар ҳажми 189,9 триллион сўм эканлиги ва бу 2018 йилги кўрсаткичларига нисбатан 1,3 баробар ўсганлиги яқин келажакда мазкур лойиҳалар юқори малакали профессионал кадрларнинг янги авлоди етишиб чиқиши зарурлигини белгилаб бермоқда.

Шу билан бирга, халқаро меҳнат бозори талаблари, интеграцион жараёнларнинг жадаллашуви, рақамлаштириш, саноатдаги технологик инқилоблар даврида замон талабларига мос малака ва кўникмаларга эга рақобатбардош ўрта бўғин мутахассисларини тайёрлашни, касб-ҳунар таълим соҳасида янги тизимни — халқаро андозаларга мос профессионал таълим тизимини талаб қилди.

Натижада касб-ҳунар таълими соҳасида ҳам давлат сиёсати тубдан ўзгарди.

Президентимиз томонидан соҳада туб ислоҳотларни амалга ошириш ва замонавий профессионал таълим тизимини барпо этишнинг мақсад ва устувор вазифалари, бир сўз билан айтганда, соҳанинг янги миссияси белгилаб берилди.

Ушбу миссия моҳияти янги сифат ва форматда инсон ресурларини ривожлантириш, ёшларда ички ва ташқи меҳнат бозори талаб қилаётган амалий квалификацияларни шакллантириш, уларнинг Ватанга муҳаббатини, халқига садоқатини юксалтиришдан иборатдир.

Шу тариқа тизим олдига қуйидаги вазифалар қўйилди:

— ҳудудлар ва соҳалар кесимида иқтисодий тараққиётга муносиб ҳисса қўша оладиган ўрта бўғин кадрларини тайёрлаш;

— ёшларни малакали меҳнат орқали ўз ҳаёт фаровонлигини таъминлашга ўргатиш;

— ўз меҳнат фаолиятига инновацион ва креатив ёндашиш, яратувчанлик, интеллектуал, маданий, маънавий потенциални ривожлантириш каби компетенцияларни шакллантириш методологиясини яратиш.

Ана шу миссия ва мақсадларни кўзлаб, Президентимизнинг 2019 йил 6 сентябрда “Профессионал таълим тизимини янада такомиллаштиришга доир қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги Фармони қабул қилинди.

Мазкур Фармон Ўзбекистон тарихида янги профессионал таълим тизимини ташкил этишга асос бўлган бўлса, 2020 йил 24 январда давлатимиз раҳбари ўз Мурожаатномасида “Жорий ўқув йилидан бошлаб, мутлақо янги профессионал таълим тизими йўлга қўйилиб, касб-ҳунар мактаблари, коллежлар ва техникумлар ташкил этилади” деб мазкур тизимнинг аҳамиятини яна бир бор алоҳида таъкидлади.

Бунда иқтисодиётнинг барча тармоқлари баробарида тадбиркорлик, кичик бизнес, оилавий бизнес, томорқа бизнеси, қурилиш, хизмат кўрсатиш, чорвачилик, паррандачилик, асаларичилик, балиқчилик каби тез суръатларда равнақ топаётган соҳалар учун ишчи касблар бўйича малакали кадрлар тайёрланиши кўзда тутилди.

Ўз навбатида, янги тизимнинг барча ҳуқуқий-меъёрий асослари яратилди. Жумладан, яқинда “Ўзбекистон Республикасида узлуксиз бошланғич, ўрта ва ўрта махсус профессионал таълим тизимини тартибга солувчи норматив-ҳуқуқий ҳужжатларни тасдиқлаш тўғрисида”ги ҳукумат қарори эълон қилинди.

Қарор билан узлуксиз бошланғич, ўрта ва ўрта махсус профессионал таълим тўғрисидаги низом, Бошланғич профессионал таълим босқичида кадрлар тайёрлайдиган касб-ҳунар мактабларининг намунавий устави, Ўрта профессионал таълим босқичида кадрлар тайёрлайдиган коллежларнинг намунавий устави ҳамда Ўрта махсус профессионал таълим босқичида кадрлар тайёрлайдиган техникумларнинг намунавий устави тасдиқланди.

Ушбу ҳужжатлар асосида ўқув жараёни халқаро стандартларга мувофиқлаштирилган таълим дастурлари асосида ташкил этиладиган 3 та тоифадаги таълим муассасалари фаолияти йўлга қўйилади.

Жорий этилаётган янги тизим халқаро андозаларга тўла мос бўлиши учун 14 та халқаро ташкилот билан ҳамкорликда ривожланган хорижий мамлакатларнинг илғор тажрибалари ўрганилди.

Германия, Швейцария, Корея, Туркия ва Хитой ҳамда ЮНЕСКО, Британия Кенгаши, Германия халқаро ҳамкорлик жамияти, Осиё тараққиёт банки, Европа таълим фонди, Туркия ҳамкорлик агентлиги, Хитойнинг Университетлар уюшмаси каби қатор хорижий давлат ва ташкилотлардан 200дан ортиқ нуфузли халқаро экспертлар жалб этилди ва улардан салмоқли хулосалар олинди.

Янги профессионал таълим муассасаларида таълим мазмуни, сони ва сифати, таълим дастурлари, технологияларининг ислоҳ қилиниши оқибатида қуйидаги таркибий ўзгаришлар амалга оширилди:

Биринчидан, 2020/2021-ўқув йилида профессионал таълим тизимида республика бўйича жами 725 та таълим муассасаси, яъни 339 та касб-ҳунар мактаби, 200 та коллеж ва 186 та техникум фаолият кўрсатиши белгиланди.

1-тоифа — касб-ҳунар мактабларида таълимнинг халқаро стандарт таснифлагичининг 3-даражасига мос келувчи 2 йиллик таълим дастурлари асосида 9-синф битирувчилари бошланғич профессионал таълим олади.

Касб-ҳунар мактабларида устувор йўналиш сифатида оилавий бизнес, томорқа бизнеси, қурилиш, хизмат кўрсатиш, чорвачилик, паррандачилик, асаларичилик, балиқчилик каби иқтисодиётимизда муҳим ўрин эгаллаган 200 дан ортиқ ишчи касблар бўйича кадрлар тайёрланади.

Камбағалликка қарши кураш доирасида, аввало, кам таъминланган оилалар фарзандларида тадбиркорликка, бизнесга, пировард натижада даромад олишга йўналтирувчи билим, малака ва кўникмалар ҳамда компетенциялар шакллантирилади.

2-тоифа — коллежларда таълимнинг халқаро стандарт таснифлагичининг 4-даражасига мос келувчи, касбларнинг мураккаблик даражасидан келиб чиқиб, 2 йилгача бўлган муддатлар давомида ўқитишга мўлжалланган таълим дастурлари асосида ўрта профессионал таълим мутахассислари тайёрланади.

Вазирликлар, идоралар ва ташкилотлар тасарруфида фаолият кўрсатадиган ва шу соҳадаги аниқ иш ўрни учун мутахассислар тайёрлайдиган ушбу коллежларга мактабларнинг 11-синф битирувчилари қабул қилинади.

Коллежларда Германия тажрибасида яхши самара берган “дуал” таълим принциплари жорий этилади: ўқувчилар ҳафтанинг маълум кунларида коллежда назарий билим олади, бошқа кунлари корхонанинг ўзида бириктирилган уста раҳбарлигида тўғридан-тўғри келажакда ишлайдиган иш ўрнида амалиёт ўтайди.

3-тоифа — техникумларда таълимнинг халқаро стандарт таснифлагичининг 5-даражасига мос келувчи, бакалавриат таълим йўналишлари билан интеграциялашган, кундузги, кечки ва сиртқи таълим шаклларида камида 2 йил муддатга мўлжалланган таълим дастурлари асосида 11-синфни тугатган ёшлар ўқитилади.

2 йиллик таҳсилдан сўнг битирувчилар олий таълим муассасасида ўқиган касби бўйича суҳбат асосида ўқишга қабул қилиниши мумкин.

Бу тизим олий маълумот олиш ниятида бўлган кўп сонли мактаб битирувчиларини олий таълим билан қамраб олиш даражасини яқин келажакда 50-60 фоизга етказиш учун хизмат қилади.

Иккинчидан, кадрлар малакасини халқаро меҳнат бозори талабларига мослаштириш мақсадида миллий малака тизими ишлаб чиқилди. Ўзбекистонда илк бор Миллий квалификация рамкаси, тармоқ квалификация рамкалари, касб ва мутахассисликлар бўйича профессионал стандартлар ҳамда табақалаштирилган таълим стандартлари ва дастурлари тасдиқланиб, жорий этилмоқда.

Учинчидан, ўқитиш муддатлари ўзгарди. Хусусан, илгариги 3 йиллик бир хил қолипдаги стандартдан тўлиқ воз кечилди. Мутахассисликларнинг мураккаблик даражасидан келиб чиқиб, табақалаштирилган ўқитиш муддатлари жорий қилинди. Қўшимча равишда профессионал таълим муассасаларини тугатган ёшларимизга келгусида олий таълимда ўқишини давом эттириш ва бутун умр давомида ўз малакасини ошириб бориш имконияти берилди.

Тўртинчидан, таълим дастурлари ва шакллари ўзгарди. Энди таълимнинг халқаро стандарт таснифлагичи (МСКО) даражалари билан уйғунлашган ва меҳнат бозори талаблари асосида мослашувчан кадрлар тайёрлаш янги профессионал таълим дастурлари асосида жорий этилади.

Ўз навбатида, ишчи касблар билан ўрта бўғин мутахассисларини тайёрлаш тизими бир-биридан тўлиқ ажратилди ва алоҳида ўқув режа ҳамда дастурлар асосида ўқитилиши белгиланди.

Кундузги, кечки ва сиртқи таълим шаклида 2 йилгача муддатда ўқитиш тизими жорий этилади. Мисол учун, олий таълимнинг бакалавриат таълим йўналишлари билан интеграциялашган халқаро “Associate degree” даражасида мутахассислар тайёрлаш бўйича камида 2 йил муддатга мўлжалланган таълим дастурлари амалиётга жорий этилади.

Таълим дастурлари якунлари бўйича битирувчиларга разряд кўрсатилган сертификат, гувоҳнома ва диплом берилади.

Бешинчидан, таълим технологиялари ўзгаради. Бунда, юқорида таъкидлаганимиздек, аввало, Германия тажрибасида яхши самара берган “дуал” таълим принциплари жорий қилинади.

Профессионал таълимнинг сифат ва самарадорлигини таъминлаш мақсадида ўқувчилар эгаллаган билим, кўникма ва малакаларини бевосита кундалик ҳаётида қўллашга ўргатадиган компетенциявий ёндашувга асосланган таълим дастурлари яратилди ва янги ўқув йилидан тадбиқ этиш бошланади.

Профессионал таълим муассасалари базасида замонавий агротехнологияларга ўқитишни жорий қилиш, “симуляцион марказлар” фаолиятини йўлга қўйиш амалга оширилади.

Яна бир муҳим жиҳат, бундан буён профессионал таълим муассасалари ва касб-ҳунарга ўқитиш марказлари имкониятларидан келиб чиқиб, ўқувчиларни жалб қилган ҳолда иссиқхона, чорвачилик, асаларичилик, балиқчилик, қуёнчилик, паррандачилик, боғдорчилик, лимончилик, сабзавот етиштириш, ишлаб чиқариш ҳамда хизмат кўрсатиш соҳаларида тадбиркорлик ва кичик бизнес тармоқлари ташкил этилади.

Олтинчидан, 2020/2021 ўқув йилидан бошлаб, коллежлар ва техникумлар меҳнат бозорининг хусусиятлари, иш берувчиларнинг технологик жараёнларини ҳисобга олган ҳолда таълим жараёнида фойдаланиладиган фан (модуль) ва амалиёт дастурларини иш берувчилар билан бирга мустақил ишлаб чиқади ҳамда амалиётга жорий этади. Бу дегани, энди ўрта бўғин мутахассислари олдиндан аниқ иш ўрнига иш берувчи қўйган малака талаблари асосида тайёрланади ва келгусида ўша иш ўрнига бориб жойлашади.

Шунингдек, Ўзбекистонда илк марта жорий ўқув йилидан бошлаб, профессионал таълим муассасаларида тадбиркорликка йўналтирилган ўқув режалари тажриба синов-тариқасида жорий этилади.

Еттинчидан, давлатимиз раҳбарининг “Инновация бўлмас экан, ҳеч бир соҳада рақобат, ривожланиш бўлмайди”, деган сўзларидан келиб чиқиб, Касб-ҳунар таълими тизимини инновацион ривожлантириш, педагог кадрларнинг малакасини ошириш ва уларни қайта тайёрлаш институтида инновацион муҳит, янги макон яратилди.

Тизимда ишлайдиган ходимларни ислоҳотлар ижросига шай ҳолатга келтириш, билим, онг ва тафаккурни ривожлантириш мақсадида инновацион ёндашув асосида ўқув курслари ташкил этилмоқда. Ушбу янги муҳитда таълим муассасалари директорлари ва ўринбосарлари орасидан стратегия, инновация ва цифровизация моҳиятини англаган, ислоҳотлар ижросини таъминлашга, онгини ўзгартиришга қодир бўлган захира кадрлар, кучли методист ўқитувчилар маълумотлар банки, портфолиолар банки яратилмоқда.

Малака оширишнинг янги 18 та модули жорий қилинди. Педагогика принципларидан андрогогика принципларига ўтилади.

Малака оширишга келган тингловчилар учун таълимни инновацион ривожлантиришга доир 17 та тақдимот тайёрланиб, тақдим этилди. 200 дан ортиқ визуаллаштирилган ва рақамлаштирилган янги электрон таълим ресурлари базаси яратилди.

Бу муҳитда ўқиш, англаш, тафаккур қилиш, бунёд этиш, янги ғоялар, креативлик, ташаббускорликка рағбат уйғотиш учун зарур шарт-шароитлар мавжуд.

Саккизинчидан, таълим тизимини жаҳон андозаларига тўлиқ мослаштириш, ишчи касбларнинг нуфузи ва жозибадорлигини ошириш мақсадида Ўзбекистон “WorldSkills” халқаро ҳаракатига қўшилди ва ушбу ташкилотга аъзо бўлди.

Айни пайтда “WorldSkills” Ўзбекистон ассоциацияси фаолиятини янада ривожлантириш чоралари кўрилмоқда.

Бу ташкилот билан ҳамкорлик ёшларимизда замонавий касбий кўникма ва малакаларини ривожлантириш ҳамда халқаро меҳнат бозорида тенгдошлари билан баробар рақобат қилишларида муҳим аҳамият касб этади.

Яна бир жиддий ўзгариш. Бугун бутун дунёда XXI аср компетенциялари сифатида талқин этилаётган “юмшоқ” (soft) компетенцияларни шакллантиришга алоҳида урғу берилади.

Бу борада бир қатор нуфузли хорижий тадқиқот марказлари, жумладан, Бутунжаҳон иқтисодиёт форуми томонидан тақдим этилган 2020 йил учун энг муҳим 10 та компетенция, Европа учун устувор таянч компетенциялар, Европа стандартлари доирасидаги Дублин дескрипторлари, Россия учун устувор таянч компетенциялар чуқур таҳлил қилинган ҳолда миллий менталитетимизга хос ва мос компетенциявий ёндашув жорий этилади.

Янги тизим учун яратилаётган ўқув адабиётлари, китоб ва дарсликлар, электрон таълим ресурслари, инновацион, рақамлаштирилган таълим технологиялари, очиқ электрон ресурслар тармоғи, ўқув адабиётларини хорижий давлатлардан олиб келиш, қайта ишлаш, чоп этиш ва тарқатиш, келажак кутубхоналари, келажак аудиторияларини яратиш жараёнларида шу каби муҳим вазифалар доимий диққат марказимизда бўлади.

Профессионал таълимнинг янги тармоғида фаолият кўрсатадиган директорлар, директор ўринбосарлари, ўқитувчи педагоглар, ишлаб чиқариш усталарини саралаш, танлаш, тайинлаш, қайта тайёрлаш ва аттестациядан ўтказиш, уларнинг мақомини белгилаш ва меҳнатини рағбатлантиришнинг янги тартиблари ишлаб чиқилади.

Профессионал таълим жараёнига сўнгги йилларда миллий иқтисодиётни диверсификация қилиш натижасида Ўзбекистонда ишга туширилган инновацион ишлаб чиқариш қувватлари, саноат, ишлаб чиқариш, аграр соҳаларидаги йирик корхоналар, инновацион бизнес ва тадбиркорлик субъектлари, АКТ, туризм ва хизмат кўрсатиш тармоқларида замонавий технологик линияларни бошқаришда катта тажрибага эга бўлган мутахассислар, иш юритувчилар, инженер-технологлар, агрономлар ва мастерлар жалб этилади.

Айтиш керакки, умуман, таълим тизимини такомиллаштириш, уни янгилаш учун яна бир муҳим омил юзага келди. Бу — пандемия. Энди биз ана шу шароитда таълим тизимини масофавий шаклга ўтказишга жиддий тайёргарлик кўришимиз лозим. Чунки яқин келажакда онлайн таълим нафақат узоқ муддатли тенденцияга, балки ҳаётимизнинг муҳим қисмига айланади.

Коронавирус нафақат биздан, бутун дунё аҳолисидан ҳам мислсиз рақамли ўзгаришларни талаб қилмоқда — онлайн ҳаётга мослашиш, жумладан, конвергент онлайн/оффлайн муҳитда ишлашни тақозо этмоқда.

Албатта, тўсатдан бошланган касаллик ва карантин даврида бутун мамлакат таълим тизими онлайн ўқитишга оммавий ўтишга тайёр эмасди. Аммо энг муҳими, пандемия даврида биз шу йўл билан ўқитувчи ва талабаларнинг коронавирус касаллигидан ишончли ҳимояланишига эришдик.

Бугун эса онлайн таълим тизимига ўтишнинг барча имконияти тўлиқ ўрганилмоқда. Энди биз худди интернет магазиндан онлайн харидни амалга оширганимиз каби онлайн ўқитиш тартибларига ҳам мослашишимиз вақти келди.

Айниқса, профессионал таълим соҳасида биз кўпроқ ўқишимиз ва ўрганишимиз талаб этилади. Чунки замонавий меҳнат бозорида кадрлар малакасига бўлган талаблар муттасил ва тез ўзгарувчандир. Бу қўшимча ва мустақил таълим олишни талаб қилади.

Умуман, бу давр таълим олдига ҳам ўзига хос талаблар қўймоқда.

Биринчи навбатда, таълимни тўлиқ рақамлаштириш керак. Бунда дарс ишланмалари, онлайн тақдимотлар, анимацион дарслар, видеоинструкторлар каби рақамли контентлар яратилиши лозим.

Иккинчидан, бу контентларни жойлаштириш ва барчага қулай бўлган электрон платформалар яратилиши керак.

Учинчидан, ўқитувчиларда рақамли контент билан ишлаш, уни бойитиш, ўқув дастурларига мослаштириш, ўқувчиларга етказиш, улар билан тескари алоқа ўрнатиш каби янги компетенцияларни шакллантиришни талаб қилади.

Ўқувчиларнинг интернет тармоғига уланганлиги ҳолатида онлайн, интернет тармоғига уланмаган ўқувчилар контингенти билан оффлайн режимларида сабоқлар ташкил қилиш лозим бўлади.

Буларнинг барчаси таълим муассасаларининг моддий техника базасининг инфрастуктурасини такомиллаштириш, жумладан, оптик толали алоқа, юқори тезликка эга интернет трафиклари билан таъминлаш каби ўта долзарб масалаларни ечишни талаб қилади.

Ушбу вазифаларнинг босқичма-босқич амалга оширилиши эса иқтисодиётни тараққий эттириш, камбағалликни қисқартириш, ёшлар ва хотин-қизларнинг ҳаётда муносиб ўрин топиши, пировард натижада халқимиз турмуш фаровонлигини ошириш масалаларининг ижобий ҳал этилишини таъминлайди.

Муродулло ХОЛМУҲАМЕДОВ,
Олий ва ўрта махсус таълим вазири ўринбосари

manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy va
o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Соғлиқни сақлаш вазирлиги: ЮРТИМИЗДА КОРОНАВИРУСГА ЧАЛИНГАНЛАРНИНГ 90 ФОИЗИ СОҒАЙДИ

2020 йил 24 август соат 17:00 ҳолатига кўра, Ўзбекистонда коронавирус инфекцияси қайд этилганлар сони 39 156 (+91) нафарни ташкил этмоқда.

Янги касалланиш ҳолатларининг 81 нафари Тошкент шаҳрида, 6 нафари Тошкент вилоятида ҳамда 4 нафари Андижон вилоятида тана ҳарорати кўтарилганлиги боис профилактика мақсадида ҳамда коронавирусга чалинган беморлар билан мулоқотда бўлганлиги сабабли намуна олинган фуқаролар орасида аниқланган.

Manba: www.minzdrav.uz