Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini «butunlay qayta ko‘rib chiqish» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini «butunlay qayta ko‘rib chiqish» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi

Bugun, 6 noyabr kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liq saqlash masalalariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning xabar berishicha, yig‘ilishda asosiy urg‘u koronavirus bilan qarshi kurash tadbirlariga emas, balki sohani to‘liq qayta isloh qilishga qaratiladi.

Yig‘ilish davomida oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tizimini qayta ko‘rib chiqish, kadrlarni moliyalashtirish va tayyorlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 3 noyabr kuni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov lavozimini tark etdi va uning o‘rnini vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Abduhakim Hojiboyev egalladi.

O‘z navbatida, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Abduhakim Hojiboyevning o‘rniga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

2016 yildan buyon Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori vazifasida ishlab kelgan Laziz To‘ychiyev prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari vazifasida ish boshladi. Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tayinlandi.

Akademik Yo.X.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasida ishlab kelgan Anvar Alimov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi.

Leave Comment

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *